Munosabat
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ochiq manbalar orqali Kompaniya tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha doimiy monitoring va o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Jumladan, fuqaro Facebook tarmog‘i orqali internet tarif rejalari narxlaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq holatga e’tiroz bildirib murojaat qoldirgan.
Mazkur murojaat yuzasidan Kompaniya Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi. Ya’ni, telekommunikatsiya xizmatlari taraqqiy etgan sari aholining unga bo‘lgan ehtiyojlari ham ortib bormoqda. Bu o‘z o‘rnida xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, tarif rejalari imkoniyatini kengaytirish talabini tug‘dirmoqda. Mazkur jarayon esa mavjud infratuzilma hamda xizmatlar ko‘lamini oshirishni, buning uchun qo‘shimcha invistetsiyalar jalb qilishni taqazo etadi.
Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardan birinchi navbatda ko‘zlangan maqsad, aholiga sifatli va tezkor internet xizmatlarini yetkazib berishga qaratilgan. Tarif narxlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘yicha amaldagi qonunchilikka asason abonentlar Kompaniyaning rasmiy veb-sayti orqali o‘n besh kun oldin xabardor qilinganligi bildiriladi.
Kompaniya abonentlarga mazkur o‘zgarishlarni to‘g‘ri qabul qilganligi va tushunganliklari uchun minnatdorlik bildiradi.