Soha yangiliklari
Yesterday

Brifing: “O‘zbektelekom” AKning 2024-yilgi faoliyatidagi yangiliklar yuzasidan  

2024-yil “O‘zbektelekom” AK uchun yutuqlarga boy, samarali yil bo‘ldi. Prezidentimiz tomonidan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida qabul qilingan qarorlar va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida kompaniya innovatsion loyihalar va xizmatlar joriy etish orqali muhim natijalarga erishdi.

Aytish joizki, Kompaniya yil davomida asosiy e’tiborini zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishda aholiga keng qulayliklar yaratishga qaratdi.

Xususan, joriy yil davomida Kompaniya tomonidan “Yangilanish mavsumi” loyihasi doirasida 519 ta obyektda 1 887 ta yangi tayanch stansiyasi o‘rnatilib, ishga tushirildi. Shuningdek, mavjud 4 217 ta stansiya modernizatsiya qilindi. Bundan tashqari, 70 ming kilometrdan ziyod optik tolali aloqa liniyalari qurilib, aholi yashash maskanlarini qamrab olish darajasi 96%ga yetkazildi.

Shuningdek, Kompaniya “ICTWEEK 2024” haftaligida respublikaning barcha viloyat markazlarida 5G texnologiyasining joriy etilganligini e’lon qildi va bu orqali O‘zbekiston MDHda 5G qamroviga ega birinchi davlatga aylandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda birinchi marta 5.5G tarmog‘i testdan o‘tkazildi. Buning natijasida O‘zbekiston Ispaniya va Xitoydan keyin ushbu texnologiyani sinab ko‘rgan dunyodagi birinchi mamlakatlar qatoriga kirdi. Aytish joizki, ushbu yutuqqa Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash natijasida erishildi.

Bundan tashqari, aholiga qulaylik yaratish maqsadida HAMMASI BIRGA tariflar to‘plami yo‘lga qo‘yildi. Ushbu innovatsion yechim uy interneti, IP-telefoniya, televideniye va mobil aloqani bir hisobda birlashtiradi. Mazkur to‘plamdagi tarifning biriga ulangan abonentlar tarif doirasida mobil aloqadan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa nafaqat qulaylik, balki xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi.

2024-yil davomida Kompaniya tomonidan 12 ta rejalashtirilgan “Sayyor qabul” hamda bir qator qo‘shimcha tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda aholining mingdan ortiq murojaatlari tinglanib, natijada mamlakatimizning olis hududlarida Internetga ulanish uchun 800 dan ortiq texnik imkoniyatlar yaratildi. Shu bilan birga, abonentlarga murojaat yo‘llashda qulaylik yaratish uchun Telegram-chatbot ishga tushirildi. Bu esa Kontakt markaziga bo‘lgan murojaatlar hajmini 30 foizga kamaytirdi.

“O‘zbektelekom” AK delegatsiyasi 2024-yilda sohani rivojlantirish yo‘lida 10 dan ortiq xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi. Bu orqali xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

“O‘zbektelekom” AK tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan loyihalar O‘zbekistonni raqamli kelajakka tobora yaqinlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.