Munosabatlar
Yesterday

Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha yondashuv

Hisobot material

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son Farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan muhim axborotlar yuzasidan rasmiy pozitsiyani e’lon qilish muddatlarini 2030-yilga qadar bosqichma-bosqich 3 soatgacha qisqartirish tizimini yo‘lga qo‘yish borasida muhim vazifalar belgilangan.

Mazkur hujjat ijrosidan kelib chiqib, “O‘zbektelekom” AKda muhim axborotlar, xususan, OAV hamda ijtimoiy tarmoqlardagi axborot manbalari orqali e’lon qilingan aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni tahlil qilish va mavjud muammolarni ijobiy hal etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezident Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbektelekom” AKda rasmiy axborot berish muddatlarini qisqartirish tizimini joriy etish bo‘yicha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilib, unda belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etib borilmoqda.

Dasturda belgilangan vazifalar mavjud tizimni tahlil qilish, muammolar va kechikish sabablarini aniqlash, ichki reglamentlar va yo‘riqnomalarni ishlab chiqish, axborot berishning dastlabki tartib-taomillarini joriy etish, hududiy filiallar kesimida mas’ul xodimlarni biriktirish hamda ularning javobgarligini oshirish, sinov tariqasida tezkor javob berish mexanizmini yo‘lga qo‘yish, tizimni to‘liq joriy etish, axborot berish muddatlarini 3 soatgacha qisqartirish, shuningdek, natijadorlikni baholash va tizimni takomillashtirishga qaratilgan.

Kompaniyaning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, aprel, may va iyun oylarida tashqi manbalardan kelib tushgan 80 ga yaqin murojaat tahlil qilindi. Ularning 75 foiziga sinov tariqasida tezkor munosabat bildirildi.

Murojaatlarning ma’lum qismi yuzasidan murojaatchilarga zaruriy tushuntirishlar berildi. O‘rganish ishlari vaqt talab etadigan yoki taklif sifatida kiritilgan murojaatlar nazoratga olinib, ular bo‘yicha yakuniy xulosalar tayyorlash maqsadida tahlil ishlari olib borildi va belgilangan tartibda munosabat bildirildi.

Ayni paytda mazkur yo‘nalishdagi ishlar Dasturning keyingi bosqichida belgilangan vazifalar asosida izchil davom ettirilmoqda.

"Oʻzbektelekom" AK Axborot xizmati