Munosabatlar
November 20

Munosabat

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda va ba’zi blogerlarning sahifalarida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasidagi transformatsion jarayonlarni tanqid qilgan anonim murojaat tarqali. Ushbu xatning mavjudligini tasdiqlashning iloji yo‘qligi hamda uning taxmin qilingan muallifi muhokama qilinayotgan mavzuni to‘la tushunmasligini tan olishiga qaramay, “O‘zbektelekom” AK nashr etilgan hujjatning mohiyatini yanada tushuntirish zarur deb hisoblaydi.

Anonim xatga ilova qilingan buyruq mamlakatning bir qator mintaqalarida “O‘zMobayl” va “Telekommunikatsiya transport tarmog‘i” filiallari tarkibidagi hududiy uzellarning idoraviy bo‘ysunishini o‘zgartirish tartibini belgilaydi. Kompaniyaning ichki transformatsion jarayonlari bo‘linmalar samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, anonim murojaatchining ushbu jarayonlarga nisbatan qarashlarini o‘rinli deb hisoblab bo‘lmaydi.

Anonim xat muallifi M&A bitimlari sohasidagi o‘zining aniqlanmagan malakasiga tayanib, filiallarning idoraviy bo‘ysunishini o‘zgartirish bu “O‘zMobayl”ni alohida sotib olishni istagan investorlar uchun muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi degan taxminlarini keltiradi. Garchi “O‘zMobayl” hech qachon mustaqil korxona bo‘lmagan va “O‘zbektelekom” AK filiali hisoblangan. Bundan tashqari, “UzMobile” savdo belgisi to‘rt yildan beri mavjud emas, mobil aloqa xizmatlari esa UZTELECOM brendi ostida yillar davomida taqdim etilmoqda.

Har qanday xolis kuzatuvchi va obyektiv ekspert uchun aktivlarning konsolidatsiyasi Kompaniyaning kapitallashuvining o‘sishiga yordam berishi, ularning bo‘linishi esa uning pasayishiga olib kelishi ma’lum. Aksiyadorlik kompaniyalarini xususiylashtirish tartibi masalalarida anonim murojaat muallifining xabardorligini oshirishni maqsad qilmasakda, biznesni taqsimlash va aktivlarni olib chiqish tushunchalari, shuningdek, bu investorlarning manfaatlariga qanday bog‘liqligi haqida ma’lumotlar bilan tanishishi tavsiya etiladi.

Timur Mamadjanov, “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisining matbuot kotibi