Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha “O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati tomonidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “Komporuz” Telegram kanali orqali Kompaniyaning Andijon filiali UZONLINE bo‘limida faoliyat yurituvchi xodimlar nomidan ekanligi ta’kidlangan murojaat e’lon qilingan. Unda filial rahbariyati tomonidan mazkur bo‘lim xodimlarini dilerlik xizmatiga o‘tishiga majbur qilinayotganligi hamda xodimlarga kuz-qish mavsumida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun beriladigan, og‘zaki nutqda “Kartoshka puli” deb yuritiluvchi moddiy yordam uchun xodimlarning ish haqi hisobidan 690 ming so‘mdan ixtiyoriy-majburiy ravishda undirib olinganligidan shikoyat qilingan.
Mazkur murojaat yuzasidan Kompaniya Axborot xizmati tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi. Ya’ni, murojaatda nazarda tutilgan ma’lumotlar tegishliligi bo‘yicha nazoratga olingan va ayni paytda o‘rnatilgan tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish ishlari yakunlangach, ishlar natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.