September 30, 2021

Kompaniya voleybol bo‘yicha “UZTELECOM” jamoasini g‘alaba bilan tabriklaydi!

Mehnat unumdorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi ko‘plab mashg‘ulotlar muvjud, jumladan, sport turlari. Har bir kishining muntazam ravishda ma’lum bir sport turi bilan shug‘ullanib turishi bevosita uning kayfiyati va shijoatiga ijobiy ta’sir etishi ham mutaxassilar tomonidan isbotlangan. O‘z o‘rnida ayni shu xususiyat korxona, muassasa va davlat tashkilotlari jamoasiga ham tegishlidir.

Shularni inobatga olgan holda “O‘zbektelekom” AK va uning hududlardagi filiallari faoliyatida mazkur omilga jiddiy e’tibor qaratiladi. Shu bois, Kompaniya va uning tarkibidagi tashkilotlar xodimlaridan iborat maxsus jamoalar respublika miqyosida o‘tkazib kelinadigan turli sport musobaqalarida faol ishtirok etib keladi. Natijalar ham e’tirofga arzigulik albatta.

Xususan, ayni shunday sport musobaqalarining navbatdagisi – voleybol sport turi bo‘yicha erkaklar o‘rtasida XXIX O‘zbekiston chempionati IV tur bahslari joriy yilning 24-30-sentyabr kunlari Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda “Uztelecom” (Samarqand) voleybol jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

Aytish joizki, ushbu sport turi bo‘yicha bir necha bor g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mazkur jamoa a’zolari dastlabki uch o‘yinda raqiblarini birin-ketin 3-0 hisobida mag‘lub etdi. Keyingi bahslarda ham yetakchilikni qo‘ldan bermay, g‘oliblik uchun zaruriy ochkolarni jamg‘arib ulgurgan “Uztelecom” jamoasi 30-sentyabr kuni yakuniy bosqichda OTMK (Olmaliq) jamoasiga qarshi maydonga chiqdi. Murosasiz kechgan ushbu bahsda ham jamoa a’zolari 3:2 hisobida ustun kelib mutlaq chempionlikka erishdi.

Musobaqa yakunida barcha jamoalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Gʻalaba muborak bo‘lsin!

Eslatib o‘tamiz, 15-22-sentyabr kunlari Mini-futbol (futzal) bo‘yicha respublika musobaqasida ham Kompaniyaning futzal jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

UZTELECOM – Milliy operator!

@uztelecomuz

@uztelecompress