Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha “O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati tomonidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqda “Ревизор” Telegram kanali orqali kompaniya tomonidan o‘tkazilgan tender va undagi ishtirokchi MCHJlarning yuridik manzili bitta ekanligi va bu amaldagi qonunchilikka zid ekanligi tanqid qilingan.
Mazkur murojaatga ko‘ra mavzu yuzasidan o‘rnatilgan tartibda o‘rganish ishlari amalga oshirilib, quyidagilar aniqlandi. Ya’ni haqiqatan ham, “O‘zbektelekom” AK tomonidan 01.02.2024 yilda 338410-sonli lot raqami bilan “O‘zMobayl” filiali mahsulotlari va xizmatlarini targ‘ib qilish uchun reklama kampaniyalari, grafik dizaynlar va video-animatsiyalar uchun kreativ konsepsiyalar va g‘oyalarni ishlab chiqish xizmatlari bo‘yicha etender.uzex.uz maxsus axborot portaliga boshlang‘ich narxi 494 900 000 so‘mlik e’lon joylashtirilgan va tijorat takliflarini qabul qilish muddati 08.02.2024 yilgacha belgilangan.
Kompaniya Xarid komissiyasining 12.03.2024 yildagi elektron tarzda rasmiylashtirilgan bayonnomasiga ko‘ra, ushbu tanlash savdosi bo‘yicha 2 talabgor – “We Are Digital” MCHJ hamda “Syndicate PR Agency” MCHJ tomonidan takliflar kelib tushgan.
Xarid Komissiyasi tomonidan baholash natijalariga ko‘ra, ushbu tanlash savdosida “We Are Digital” MCHJ g‘olib va “Syndicate PR Agency” MCHJ zahira g‘olib deb topilgan.
Ushbu tanlash savdosida ishtirok etgan korxonalar o‘rtasida o‘zaro affillanganlik o‘rganilganda, “Syndicate PR Agency” MCHJning yagona 100% ta’sischisi bo‘lgan fuqaro Salimsakov Shoxiddin Fazliddinovich, g‘olib deb topilgan “We Are Digital” MCHJning 25% ulushiga ega bo‘lgan “Lockhard Group” MCHJning ham 100% ta’sischisi ekanligi aniqlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan mazkur xarid jarayonida O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli bandlari buzilgan deb topilib, “O‘zbektelekom” AK tomonidan 01.02.2024 yilda 338410-sonli lot raqami bilan o‘tkazilgan eng yaxshi takliflarni tanlash savdosini haqiqiy emas deb topish choralarini ko‘rish orqali qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida mazkur qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tegishli ko‘rsatma berilgan.
Bugungi kunda “O‘zbektelekom” AK tomonidan yuqorida qayd etilgan xaridni haqiqiy emas deb topish choralari ko‘rilayotganligi ma’lum qilinadi.