October 19, 2021

Til bayram – dil bayrami

Joriy yilning 19-oktyabr kuni “O‘zbektelekom” AKning tashabbusi bilan yozuvchi-shoirlar ishtirokida til bayramiga bag‘ishlab davra suhbati tashkil etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adiblar xiyobonida bo‘lib o‘tgan tadbirda Kompaniya filiallarining yosh xodimlaridan tashqari tilshunos professor-olimlar va taniqli ijodkorlar ishtirok etishdi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, til – bu millatning ma’naviy boyligidir. Til borki, millat barhayot. Shu bois ham uning oldiga aziz siymo nomini qo‘shib, Ona tilim deya ardoqlaymiz. Joriy yil ana shu ma’naviy boyligimizga davlat tili maqomi berilganligiga 32 yil bo‘ldi.

Tadbirning ochilish qismida "O‘zbektelekom" AKning "Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi" filiali direktori o‘rinbosari Isomiddin Ashurov bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish masalasiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng tadbir mehmonlari so‘zga chiqib, ona tilimizning tarixi, uning naqadar boy til ekanligi va unga davlat tili maqomi berilishi haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni davra suhbati ishtirokchlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Avvalo, har bir millat, har bir jamiyat tili bilan ravnaq topadi. Bugungi ayrim yoshlarimiz bilmasligi mumkin, o‘zbek tiliga, ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi uchun xalqimiz ko‘p mashaqqatlarni boshidan o‘tkazgan. Ammo kurashishni to‘xtatmagan va maqsadlariga erishgan. Tilimizning qadr-qimmati, nufuzi mustaqillik yillarida yanayam mustahkamlanib keldi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-son Farmoni hamda 2020-yilning 23-sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zlagani barchamizni quvontirdi. Bu o‘z o‘rnida tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida muhim bir qadam bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti, falsafa doktori Mo‘minjon Xo‘jayev.

– Bugungi tadbir tashkilotchilariga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Meni, ayniqsa yoshlarimizning ishtiroki quvontirdi. Sababi, bugungi kelajak avlod qaysi sohada faoliyat yuritishidan qat’i nazar, ona tilimizga hurmat ko‘rsatish, uni qadrlash ruhida kamol topishi lozim. Axir bu tilda ne-ne allomalar, buyuklarimiz ijod qilishmagan. Shundan ona tilimizning beqiyos latofati, jozibasi, ma’naviy tarbiyasi bor. Nazarimda shu tilda so‘zlashar ekanmiz nafaqat 21-oktyabr, balki har kunimiz til bayrami bo‘lishi kerak deb o‘ylayman, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Farog‘at Xudoyqulova.

Davra suhbati davomida Kompaniya filiallarining yosh xodimlari til haqidagi she’r va turli fikr-mulohazalari bilan chiqishlar qilishdi, shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

"O‘zbektelekom" AK Axborot xizmati

@uztelecomuz

@uztelecompress