Munosabatlar
June 23

Munosabat

Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi “ELTUZ” kanalidagi xabarga munosabat

Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining jadal suratlarda rivojlanishi barcha tadbirkorlik subyektlariga koʻplab imkoniyatlar va qulayliklar yaratmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, jarayonlarni avtomatlashtirish orqali koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanmoqda, xizmatlarni koʻrsatishga ketadigan sarf xarajatlar qisqarmoqda. Xususan, telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish, monitoring qilish, sozlash ishlari avvallari bevosita inson tomonidan amalga oshirib kelingan boʻlsa, hozirgi kunga kelib bu ishlar avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilmoqda. Oldinlari xizmatlarga ulanish uchun arizalar qogʻoz shaklda qabul qilinib, elektromontyorlarga taqdim etilgan va ijrosi nazorat qilingan boʻlsa, bugungi kunga kelib bu jarayon ham avtomatlashtirildi, mobil ilova va maxsus axborot tizimlari orqali topshiriqlarning taqsimoti ham, ularning ijrosi nazorati ham avtomatlashtirildi. Bu kabi avtomatlashtirish ishlari esa, ishchi kuchiga boʻlgan talabni qisqartirishi tabiiy.

Ikkinchi tomondan, AKT sohasi katta integratsiya davrini boshidan oʻtkazmoqda. Nafaqat xizmatlar, balki texnologiyalar va tarmoqlarning ham integratsiyasini guvohi boʻlmoqdamiz. Ayniqsa bu holat xalqaro darajada rivojlangan, ilgʻor telekommunikatsiya operatorlarida koʻzga tashlanmoqda. Bir telekommunikatsiya operatori turli xil yoʻnalishlar boʻyicha oʻz tarmoqlarini rivojlantirmoqda va oʻz abonentlariga barcha turdagi (Internet, mobil aloqa, telefon soʻzlashuvi, televideniye, bulutli xizmatlar, ...) xizmatlarni taqdim etishga intilmoqda.
Yuoqiridagilarni inobatga olgan holda, “Oʻzbektelekom” AKda transformatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda Kompaniyaning hududiy va ixtisoslashtirilgan (mobil, transport, kommutatsiya) filiallari qayta tuzilmoqda, xususan:
– Toshkent viloyati va Toshkent shahar telefon tarmogʻi filiallari negizida – Markaziy filial;
– Andijon, Namangan va Fargʻona filiallari negizida – Sharqiy filial;
– Sirdaryo, Jizzax va Samarqand filiallari negizida – Janubiy-Gʻarbiy filial;
– Buxoro va Navoiy filiallari negizida – Gʻarbiy filial;
– Qashqadaryo va Surxondaryo filiallari negizida – Janubiy filial;
– Xorazm va Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiallari negizida – Shimoliy filial tashkil etilmoqda.

UzMobile va TTT filiallarining hududlarda ish olib boruvchi xodimlari ham, funksional vazifasidan kelib chiqib, tegishliligi boʻyicha yuqorida sanab oʻtilgan makro hududiy filiallarga oʻtkazildi.

Boshqaruvning viloyatlar kesimida emas, balki makro hududlar kesimida tashkil etilishi ham amalda oʻzini oqlagan (TTT filiali makro-hududiy bogʻlamalari, harbiy okruglar) va xalqaro tajribaga tayanilgan uslubdir. Xususan, Yaponiya (NTT), AQSh (AT&T, Verizon), Rossiya (Rostelecom), Xitoy (China Telecom, China Unicom), Buyuk Britaniya (BT Group, Vodafone), Fransiya (Orange) telekommunikatsiya operatorlari ham boshqaruvni makro hududiy filiallar asosida tashkil etgan.

Bu qayta tashkil etilishda hech bir hududiy filial/xodim boshqasiga tobe/qara boʻlayotgani yoki bir filial ikkinchisining boʻysunuviga oʻtkazilayotgani yoʻq. Balki, yuqorida keltirilgan boshqaruv tizimining avtomatlashtirilishi evaziga ma’muriy boshqaruv xodimlari qisqartirilmoqda va mazkur boshqaruv makro hududning qaysidir bir nuqtasidan turib amalga oshirilmoqda. Bunda boshqaruv amalga oshiriluvchi hududning boshqa hududlarga nisbatan hech qanday afzalligi yoki ustunligi boʻlmaydi.

Mazkur makro hududiy boshqaruvni amalga oshiruvchi filial xodimlari bilimi, qobiliyati, malakasi, tajribasidan kelib chiqqan holda, suhbat va savol-javoblar asosida saralanmoqda va tegishli lavozimlarga ishga olinmoqda. Bunda asosiy e’tibor, xodimlarning avval qaysi filialda (hududiy, UzMobile, TTT) ishlaganiga emas, balki yangi tashkil etilgan makro hududiy filialning funktsiya va vazifalari boʻyicha zarur malaka va qobiliyatga ega ekanligiga qaratilmoqda hamda ularning oylik maoshlari ham shu asosida belgilanmoqda.

Agar xodimlarda oʻz mansabini suiiste’mol qilish yoki boshqa xodimlarni mensimaslik holatlari aniqlangan taqdirda, bu xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda, keskin chora koʻrilishi ma’lum qilinadi.

“O‘zbektelekom”AK Axborot xizmati