Soha yangiliklari
Today

“O‘zbektelekom” AKda korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida

Bugun mamlakatimizda jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi har qanday holatga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, taraqqiyot kushandasi hisoblanuvchi korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham.

2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-419-son Qonuni hamda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyati bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Aytish joyizki, qonunchilikda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida ham korrupsiya holatlarining oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Kompaniya tarkibida “komplaens-nazorat” – korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tashkil qilingan. Shuningdek, tizimdagi korrupsion xatti-harakatlar haqida xabar berish uchun maxsus aloqa kanallari yaratilgan. Ya’ni: ishonch telefon raqami, elektron pochta, Telegram bot va Kompaniyaning rasmiy veb-sayti orqali murojaat yuborish mexanizmlari joriy qilingan.

Mazkur aloqa kanallari orqali anonim murojaat yuborish imkoniyati ham mavjud. Qolaversa, murojaat turidan qat’iy nazar, murojaatchining ma’lumotlari sir saqlanishi Kompaniya tomonidan kafolatlanadi.

Bundan tashqari, faoliyat davomida yuzaga keladigan ish jarayonlarini tartibga soluvchi qator ichki hujjatlar ishlab chiqilgan. Xususan, “Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha Yo‘riqnoma”, “Xodimlarning korrupsiyaviy xatti-harakatlari va odob-ahloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha Reglament”, “Kontragentlarni tekshirishga oid Yo‘riqnoma”, “Aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish bo‘yicha Reglament”lar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, Kompaniya tomonidan tuziladigan barcha shartnomalarga korrupsiyaga qarshi kurashish shartlari kiritilgan. Shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish uchun Kompaniya xodimlari tomonidan har yili deklaratsiya to‘ldirilib, tahlil qilib boriladi. Qolaversa, mavzu doirasida xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida belgilangan reja asosida doimiy ravishda seminar-treninglar o‘tkazib kelinadi.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati