Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “ELTUZ” kanalidagi xabarga munosabat
Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “ELTUZ” kanalidagi xabarga munosabat
Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi barcha tadbirkorlik subyektlariga ko‘plab imkoniyatlar va qulayliklar yaratmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, jarayonlarni avtomatlashtirish orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanmoqda, xizmatlarni ko‘rsatishga ketadigan xarajatlar qisqarmoqda. Xususan, telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish, monitoring qilish, sozlash ishlari avvallari bevosita inson tomonidan amalga oshirib kelingan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu ishlar avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilmoqda. Oldinlari xizmatlarga ulanish uchun arizalar qog‘oz shaklda qabul qilinib, elektromontyorlarga taqdim etilgan va ijrosi nazorat qilingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu jarayon ham avtomatlashtirildi, mobil ilova va maxsus axborot tizimlari orqali topshiriqlarning taqsimoti ham, ular ijrosining nazorati ham avtomatlashtirildi. Bu kabi avtomatlashtirish ishlari esa, ishchi kuchiga bo‘lgan talabni qisqartirishi tabiiy.
Ikkinchi tomondan, AKT sohasi katta integratsiya davrini boshidan o‘tkazmoqda. Nafaqat xizmatlar, balki texnologiyalar va tarmoqlarning ham integratsiyasining guvohi bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, bu holat xalqaro darajada rivojlangan, ilg‘or telekommunikatsiya operatorlarida ko‘zga tashlanmoqda. Bir telekommunikatsiya operatori turli xil yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z tarmoqlarini rivojlantirmoqda va o‘z abonentlariga barcha turdagi (Internet, mobil aloqa, telefon so‘zlashuvi, televideniye, bulutli xizmatlar) xizmatlarni taqdim etishga intilmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “O‘zbektelekom” AKda ham transformatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda Kompaniyaning hududiy va ixtisoslashtirilgan (mobil, transport, kommutatsiya) filiallari qayta tuzilmoqda.
Jumladan, O‘zMobayl va TTT filiallarining hududlarda ish olib boruvchi xodimlari ham, funksional vazifasidan kelib chiqib, tegishliligi bo‘yicha makro hududiy filiallarga o‘tkazilmoqda.
Boshqaruvning viloyatlar kesimida emas balki makro hududlar kesimida tashkil etilishi ham amalda o‘zini oqlagan (TTT filiali makro-hududiy bog‘lamalari, harbiy okruglar) va xalqaro tajribaga tayangan uslubdir. Xususan, Yaponiya (NTT), AQSH (AT&T, Verizon), Rossiya (Rostelekom), Xitoy (China Telecom, China Unicom), Buyuk Britaniya (BT Group, Vodafone), Fransiya (Orange) telekommunikatsiya operatorlari ham boshqaruvni makro hududiy filiallar asosida tashkil etgan.
Bu qayta tashkil etilishda hech bir hududiy filial/xodim boshqasiga tobe/qaram bo‘layotgani yoki bir filial ikkinchisining bo‘ysunuviga o‘tkazilayotgani yo‘q. Balki, yuqorida keltirilgan boshqaruv tizimining avtomatlashtirilishi evaziga ma’muriy boshqaruv xodimlari optimizatsiya qilinmoqda va bunda ish o‘rinlari ortishi ham mumkin. Mazkur boshqaruv makro hududning qaysidir bir nuqtasidan turib amalga oshirilmoqda. Bunda boshqaruv amalga oshiriluvchi hududning boshqa hududlarga nisbatan hech qanday afzalligi yoki ustunligi bo‘lmaydi.
Mazkur makro hududiy boshqaruvni amalga oshiruvchi filial xodimlari bilimi, qobiliyati, malakasi, tajribasidan kelib chiqqan holda, suhbat va savol-javoblar asosida saralanmoqda va tegishli lavozimlarga ishga olinmoqda. Suhbatlar videonazorat asosida olib borilmoqda va saqlanishi ta’minlamoqda. Bunda asosiy e’tibor xodimlarning avval qaysi filialda (hududiy, O‘zMobayl, TTT) ishlaganiga emas, balki yangi tashkil etilgan makro hududiy filialning funksiya va vazifalari bo‘yicha zarur malaka va qobiliyatga ega ekanligiga qaratilmoqda hamda ularning oylik maoshlari ham shu asosida belgilanmoqda.