September 29, 2021

Poytaxtimizda Belarus kinosi kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun kino olamida muhim voqealardan biri hisoblangan «Ipak yo‘li durdonasi» XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida poytaxtimiz Toshkent shahrida joylashgan «Temiryo‘lchilar» saroyida UZTELECOM hamkorligida Belarusdan tashrif buyurgan kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan filmlar namoyishi va Belarus kinosi kunlarining ochilishiga bag‘ishlab matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro kinofestivali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga binoan «Ipak yo‘li durdonasi» nomi bilan qayta tiklandi. Joriy yildan boshlab ushbu nufuzli tadbir Kinematografiya agentligi tomonidan har yili muntazam ravishda o‘tkazib boriladi.

Bu yilgi Toshkent xalqaro kinofestivali «Tinchlik, ma’rifat va taraqqiyot uchun» shiori ostida va «Festivallar festivali» formatida tashkil etilmoqda.
Kinofestival doirasida 13 ta davlat qatorida Belarus Respublikasining kino kunlari ham bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etayotgan «Belarusfilm» milliy kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy, Belarus davlat san’at akademiyasi ekran san’ati fakulteti dekani Pavel Ivanov, hujjatli filmlar rejissyori, Belarus kinematograflar uyushmasi a’zosi, ko‘plab xalqaro kinofestivallar g‘olibi Galina Adamovich, belarus va rus teatr hamda kino rejissyori, prodyuser, teleboshlovchi, aktyor, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Dmitriy Astraxan, mashhur Belarus kinoyulduzi Alla Prolich ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qilib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Belarus kinoijodkorlari tomonidan ishlangan «Qizaloq dadasini qidirmoqda» ((«Девочка ищет отца»), «Oq shabnamlar» ((«Белые росы»), «Mening ismim Arlekino» ((«Меня зовут Арлекино») kabi mashhur filmlar butun dunyo, shu jumladan o‘zbek kino ixlosmandlarining ham e’tiborini o‘ziga jalb qilgan. Tadbir doirasida belaruslik kinoijodkorlar tomonidan ishlangan va kinofestival nominasiyalariga kiritilgan «Urush. Inson bo‘lib qolmoq («Война. Остаться человеком»)», «Qo‘poruvchi taqdiri («Судьба диверсанта»)», «Prantish Virvichning sarguzashtlari (Авантюры Прантиша Вырвича»)», «O‘yinchi taqdiri («Правила геймера»)» kabi kinokartinalarning namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Matbuot anjumani ishtirokchilari va tomoshabinlar ushbu filmlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ta’kidlash joizki, Belarus kartinalari ijodkorlari filmlarining asosiy ma’no-mazmunini tashkil qilgan Ikkinchi jahon urushi davrida boshiga og‘ir musibat tushgan oddiy fuqarolarning o‘y-kechinmalari, urush qatnashchilarining o‘sha davrga bo‘lgan munosabatlari, do‘stlik, sevgi-muhabbat kabi tuyg‘ularni mahorat bilan aks ettirganlar. Filmlarda ishtirok etgan aktyorlarning salohiyati, rejissyorlar va albatta, dizaynerlik ishlarini ham ajratib ko‘rsatish mumkin.

«Kelajakda hamkorlikda filmlar suratga olish, bu kabi festivallarda ishtirok etish, tajriba almashish kino sohasidagi hamda kinostudiyalar o‘rtasidagi hamkorlik mamlakatlar o‘rtasida kino madaniyati va san’ati yo‘nalishlaridagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Biz taqdim etayotgan kinokartinalar, ayniqsa, «Qo‘poruvchi taqdiri («Судьба диверсанта»)» filmi Ikkinchi jahon urushida qo‘lga kiritilgan g‘alabaga bag‘ishlanadi. Ushbu filmni tomoshabinlar juda iliqlik bilan kutib olishdi. Boisi bu film o‘z vatani uchun jonini qurbon qilishga tayyor yigitning hayoti haqida hikoya qiladi. Biz o‘zbek kinoijodkorlari va kino sohasi vakillari bilan ko‘plab ijodiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz», – deydi «Belarusfilm» milliy kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, 2020-yil davomida «Belarusfilm» kinostudiyasi ishtirokida rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan, urushda beshta o‘g‘lidan judo bo‘lgan Zulfiya Zokirovaning fojiali taqdiri haqida hikoya qiluvchi «Ilhaq» kinofilmining harbiy epizodlari aynan Belarus Respublikasi hududida suratga olingan. Ushbu film 2020-yilning 9-may kuni O‘zbekistonning barcha telekanallari orqali namoyish etildi. Belarus zaminida suratga olingan ikkinchi loyiha rejissyor Hilol Nasimovning «Meros» filmidir. Unda o‘zbek va qozoq xalqlarining olis o‘tmishga borib taqaluvchi do‘stlik tarixi, urf-odat va an’analarining mujassamligi bayon etiladi. So‘nggi kinokartina – rejissyor Ibrohim Rasulov tomonidan suratga olingan «Sevgi bahori» filmida atoqli shoir Hamid Olimjonning hayoti va ijodi haqida hikoya qilinadi.

Tadbir doirasida namoyish etilayotgan kinokartinalardan biri – «Qo‘poruvchi taqdiri» («Судьба диверсанта») filmini suratga olgan mashhur rejissyor, prodyuser Dmitriy Astraxan xalqaro kinofestival yuqori darajada tashkil etilganini ta’kidlash bilan bir qatorda o‘zi ishlagan film haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

«Ikkinchi jahon urushi davrida nemis bosqinchilariga qarshi kurashgan sovet askarlarining qahramonliklari filmning asosiy mazmunini tashkil etadi. Film Ikkinchi jahon urushidagi quruqlikda olib borilgan eng yirik qo‘poruvchilik operasiyasi tarixi haqidadir. O‘sha vaqtda belaruslik maxfiy tashkilot a’zosi Fyodor Krilovich Kursk yoyi rayonida bir vaqtning o‘zida nemis harbiy texnikasining to‘rtta eshelonini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan. Filmni suratga olish jarayonida ba’zi qiziq voqealar sodir bo‘ldi, arxiv ma’lumotlardan ham foydalanishimizga to‘g‘ri keldi», – deydi rejissyor.
O‘zbek kino sanoati vakillari, kino bayramiga tashrif buyurgan tomoshabinlar, soha mutaxassislari tanlovga qo‘yilgan filmlarni tomosha qilib, ijodkorlarning ijodiy ishlarini, texnik va aktyorlik mahoratlarini munosib baholashadi degan umiddamiz.

Belarus kinosi kunlari, shuningdek Samarqand viloyati Yoshlar markazi soat 10:00 da hamda Sirdaryo viloyati Guliston shahri Musiqali drama teatrlarida soat 11:00 da ham o‘tkaziladi.

UZTELECOM – “Ipak yo‘li durdonasi" XIII Toshkent xalqaro kinofestivali hamkori!

@uztelecomuz

@uztelecompress