Sana
October 21, 2021

“O‘zbektelekom” AK yoshlari Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdi

“O‘zbektelekom” AK filialining yosh xodimlari Adiblar xiyoboniga tashrif buyurishdi va milliy madaniyatimizdan bahramand bo‘lishdi. Bu yerda ular xiyobon va bog‘dagi ekskursiyada qatnashishdi, buyuk o‘zbek mutafakkirlari, yozuvchi hamda shoirlarining hayot va faoliyatlari bilan tanishishdi. Yoshlar Abidlar xiyoboni – bu muqaddas zaminimizdagi eng yetuk adabiyot namoyandalari jamuljam bo‘lgan joy ekanligini ta’kidlashdi.

Darhaqiqat, Adiblar xiyoboni – bu Toshkendagi dunyoda o‘xshashi yo‘q, mutlaqo yangi va noyob maskan. U Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida joylashgan. Mazkur bog‘ poytaxt aholisi va mehmonlari orasida juda ham mashhur bo‘lib, u yerda turli attraksionlar, kafe va katta sun’iy ko‘l bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan barpo etilgan bog‘ning yana bir o‘ziga xos boyligi Adiblar xiyoboni bo‘lib, bu yerda obod qilingan yo‘lak bo‘ylab yetuk o‘zbek adiblarining yagona ansambli qad rostlagan. Ushbu kompozitsiyadan Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, Qodiriy, Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Oybek, Said Ahmad, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibrohim Yusupov, Aleksandr Faynberg kabi 20 dan ortiq atoqli o‘zbek yozuvchi hamda shoirlarining va, albatta, buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning haykallari qad rostlagan.

Poytaxtimizning boy xazinasidagi yangi marvarid yoshlar uchun madaniy-ilmiy markazga, adabiy kechalar, kitoblar taqdimoti, ko‘rgazmalar va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan joyga aylandi. Zamonaviy yoshlar ajdodlarining tarjimai holini, ularning ishlari va falsafasini chuqur o‘rganmoqdalar. Yigit va qizlar haykallarning yonida, daraxtlarning soyasida she’rlar o‘qish va munozaralar o‘tkazish uchun uchrashishmoqda. “O‘zbektelekom” AK yoshlari ham o‘tmishga oshno bo‘lgan holda o‘zbek tili bayrami arafasida ushbu ajoyib maskanga tashrif buyurishga qaror qilishdi.

Adiblar xiyoboni bo‘ylab kompaniyaning yosh xodimlari bilan ekskursiya paytida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Farog‘at Xudoyqulova yurtimizda ma’naviyat, jumladan adabiyotga berilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi. Xalqimizning hayoti va o‘tmishida yorug‘ iz qoldirgan yetuk so‘z ustalarining xotirasini abadiylashtirish, yoshlarning madaniy-ma’rifiy saviyasini oshirish borasida amalga oshirilgan bir qator tashabbuslar fuqarolarimizning dunyoni idrok qilishlarini o‘zgartirdi, ulardagi olijanob va yorug‘ g‘oyalarni yanada mustahkamladi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ining keng ko‘lamli yangilanishi ham yangi g‘alabalar, insonparvarlik va ma’rifat g‘oyalarining tarannum etilishidagi navbatdagi muvaffaqiyatli qadam bo‘ldi.

– Biz murakkab davrda yashayapmiz. Koronavirus pandemiyasi bilan kurashyapmiz. Bunday vaqtda insonning ko‘ngliga yo‘l topish oson ish emas. Insonlarni olijanob maqsadlar sari ruhlantirish uchun ularning dunyoqarashini boyitish maqsadida adabiyotdan keng miqyosda foydalanish zarur. Uning ta’sirida biz odamlarning, birinchi navbatda yoshlarning ongini turli tahdidlar, yot g‘oyalarning zararli ta’siridan muhofaza qilishga erishamiz. Mahorat maktablarini o‘tkazish, noan’anaviy ta’lim usullaridan samarali foydalanish, bolalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga zamin yaratuvchi yangiliklarni ta’lim jarayoniga joriy etishimiz kerak, – deya ta’kidladi “O‘zbektelekom” AK xodimlar va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Isomiddin Ashurov.

– Til muloqot uchun zarur, u xalqning o‘ziga xosligidan guvohlik beradi, millatning ma’naviy salohiyatini belgilaydi. Aynan til xalqning tarixi va davlatning rivojlanish darajasini ko‘rsatib beruvchi ko‘zgu hisoblanadi. Bu haqda betakror g‘azallar yaratgan, o‘zbek tilining keng imkoniyatlarini, uning bor go‘zalligiyu nafisligini namoyish etgan Alisher Navoiy ham yozib o‘tgan, – dedi “O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi” filiali Malaka oshirish va qayta tayyorlash sifatini monitoring qilish xizmati boshlig‘i Utkir Saitmurodov.

Ijodi har doim ulug‘lanib keluvchi yana bir iqtidor sohibi Musa Toshmuhammad o‘g‘li Oybekdir. Yoshlik yillaridan boshlab u buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning ijodiga qiziqqan, shu sababli o‘z oldiga u haqda butun dunyoga so‘zlab berish maqsadini qo‘ygan. Biroq asar yozishdan avval yozuvchi ulkan arxiv materiallarini batafsil o‘rganib chiqadi. Oybek “Navoiyning qo‘shiqlari yer uzra bulbul kabi parvoz aylashini” xohlashini tan olgan.

– Oybek – bu XX asr o‘zbek adabiyotining eng yorqin namoyandalaridan biri. Uning ijodi shu qadar rang-barang va serqirraki, o‘zbek adabiyotida bir yozuvchiga tegishli bo‘lgan bu qadar boy adabiy merosni topish qiyin. O‘zining ijod yo‘lini lirik shoir sifatida boshlagan Oybek keyinchalik nazm va nasrning turli shakllarida, ayniqsa, dostonchilik va romannavislikda o‘lmas asarlar yaratdi. Men bo‘sh vaqtimda uning ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan hayotining turli davrlarini mustaqil o‘rganishni, shuningdek haqiqiy hayotda va uning asarlarida ro‘y bergan voqealarni solishtirishni yaxshi ko‘raman. Bu yangi narsalarni kashf qilishga va o‘z ustimda ishlashga, dunyoqarashimni kengaytirishga yordam beradi, – deb ta’kidlab o‘tdi “O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi” filiali O‘quv-metodik bo‘limi 1-toifali mutaxassisi Shahnoza Fozilova.

Milliy bog‘ hududida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ikki qavatli binosi barpo etilgan bo‘lib, uning imkoniyatlari juda ham keng: u yerda boy kutubxona, o‘qish va ko‘rgazma zallari, O‘zbekistondagi adabiy jurnallarning tahririyatlari joylashgan. Shunday qilib, ushbu chindan ham ajoyib ma’naviy maskan hozirgi kunning eng iqtidorli yozuvchi va shoirlarini o‘z bag‘riga jamlagan, bu yerda ma’rifiy tadbirlar va turli ko‘rgazmalar o‘tkazilib kelinmoqda, bu esa yurtimizning adabiy hayoti bilan yaqinroq tanishishga imkon beradi. Adiblar xiyoboniga tashrif doirasida “O‘zbektelekom” AK filiallari xodimlarining tilshunos olimlar, mashhur shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirda til – millat boyligi ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Til bor ekan, millat ham bor. Shu sababli biz tilimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, uni Ona tilimiz deya ulug‘lashimiz kerak. Bu yili madaniy boyligimizga Davlat tili maqomi berilganining 32 yilligi nishonlanyapti. Tadbirning kirish qismida “O‘zbektelekom” AK xodimlar va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Isomiddin Ashurov hukumatimizning yurtimizda o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori va ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Tadbir davomida ishtirokchilar ona tilimizning vujudga kelish tarixi, uning naqadar boy ekanligi va qanday qilib unga davlat tili maqomi berilgani haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishdi.

– Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, har bir jamiyat o‘z tili bilan birga rivojlanadi. Xalqimiz o‘z ona tiliga davlat maqomi berilishi uchun qanday qiyinchiliklarni bosib o‘tganligi hamma yosh avlod vakillariga ham ma’lum emas. Va amalga oshirilgan ishlar natijasida oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishdik. Mustaqillik yillarida ona tilimizning obro‘-e’tibori va nufuzi yanada mustahkamlandi. Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonidan juda ham xursand bo‘ldik. Prezidentimizning 2020-yil 23-sentabrda BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida tarixda birinchi marta o‘zbek tilida nutq so‘zlagani hammamizga o‘ziga xos iftixor bag‘ishlaydi. Bu, o‘z navbatida, tilimizning xalqaro maqomini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi, – dedi Xalqaro islom akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti, falsafa doktori Mo‘minjon Xo‘jayev.

– Bugungi tabdir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ayniqsa, yoshlarimizning ishtirokidan xursand bo‘ldim. Bugungi yosh avlod, qaysi sohada faoliyat yuritmasin, tilimizga hurmat ruhida tarbiyalanishi lozim. Barcha buyuk siymolarimiz, ular xoh olim yoki badiiy so‘z ustalari bo‘lsin, ushbu tilda ijod qilishgan. Shu sababli jonajon tilimiz betakror jozibadorlikka va tarbiyaviy kuchga ega. Agar biz bu tilda so‘zlashar ekanmiz, nafaqat 21-oktyabr, balki har bir kunimiz o‘zbek tili bayrami bo‘lmog‘i kerak, – deya ta’kidladi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Farog‘at Xudoyqulova.

Tadbir chog‘ida kompaniya filiallarining yosh xodimlari uchrashuv borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi, shuningdek o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, ba’zilar esa ijodiy yondashgan holda ona tilimizga bag‘ishlab she’rlar yozishdi.

“O‘zbekelekom” AK Axborot xizmati

@uztelecomuz

@uztelecompress