August 20, 2021

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mobil ilovasida elektron xizmatlar soni 100 taga yetkaziladi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulay va shaffof muhitni yaratish, ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etib, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, byurokratiya, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, qog‘ozbozlikning oldini olish, davlat xizmatlarini joriy qilishni tezlashtirish va ularni imkon qadar soddalashtirish hamda optimallashtirish orqali aholiga yanada qulayliklar yaratishdir.

Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuridik va jismoniy shaxslarga 260 turdan ortiq elektron ko‘rinishdagi davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda. Ularning 143 tasi (55%) bepul ko‘rsatilsa, 131 tasidan (50%) foydalanishda ERI talab qilinmaydi. Xizmatlarning 190 dan ortig‘i (73%) tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan.

Shuni ta’kidlash joizki, 2021-yil 1-iyundan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik sub’yektlaridan 18 turdagi (sudlanganlik, manzil ma’lumotnoma, soliqdan qarzi bor-yo‘qligi, narkologiya yoki ruhiy kasalliklar dispanserida turishi va boshqalar) ma’lumot/ma’lumotnomalarni talab qilish amaliyotidan voz kechildi.

Bunda, davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan ma’lumotlar mustaqil ravishda Yagona portal moduli orqali olinadi. Mazkur amaliyotning joriy qilinishi ortidan dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq aholining o‘rtacha bir oyda 1,3 mlrd.so‘m (yiliga 15,6 mlrd.so‘m) mablag‘i tejalishiga erishiladi.

Bundan tashqari, 2022-yil 1-yanvaridan boshlab aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha ravishda yana 16 turdagi turli xil ma’lumotnomalarning so‘ralishi ham taqiqlandi. Mazkur imkoniyatlarni yaratish maqsadida bugungi kunda tegishli tashkiliy-texnik ishlar amalga oshirilmoqda.

Barchamizga ma’lumki, joriy yil Yagona portalning mobil ilovasi ishga tushirilgan bo‘lib, aholiga ushbu ilova orqali 40dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda mobil abonentlar soni 27 mln.dan oshgan. Bu – ular mobil internetga «kira oladi» degani. Shuni hisobga olib, endilikda YIDXPning mobil ilovasini rivojlantirib, unga yanada ko‘proq xizmatlarni joriy qilishimiz lozim. Ushbu masalaga Prezidentimiz ham alohida to‘xtalib, yil yakuniga qadar mobil ilovada elektron xizmatlar sonini 100 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdilar.

Hozirda 60dan ortiq xizmatdan iborat ro‘yxat shakllantirilib, ularni joriy qilish bo‘yicha tarmoq jadvali ishlab chiqilgan. Yil yakuniga qadar ushbu xizmatlar bosqichma-bosqich joriy qilinadi hamda fuqarolarimizga ishdami, ko‘chadami, xullas, istagan joylarida va vaqtlarida 100dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Manba

@uztelecomuz

@uztelecompress