Munosabatlar
November 15, 2023

Ehtiyotsizlik oqibatida magistral optik tolali aloqa kabellari uzilish holati “O‘zbektelekom” AK TTT filiali mutaxassislari tomonidan bartaraf etildi

Buxoro tumani “Shergiron” MFY Chorbakr qishlog‘ida yashovchi A.B. tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan ekskavator bilan o‘z ehtiyoji uchun qum qazish ishlarini amalga oshirish jarayonida Jondor tumani “Luqmon” MFY hududidan o‘tuvchi “O‘zbektelekom” AK TTT filiali 5-texnik bog‘lamasiga qarashli magistral optik tolali aloqa kabelini ehtiyotsizlik oqibatida uzgan.

Ushbu holat yuzasidan “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi Buxoro viloyat hududiy shu’basi tomonidan huquqbuzarlik holatlari o‘rganilib, joriy yilning 9-noyabr kuni fuqaro A.B tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-maydagi 210-son Qarori bilan tasdiqlangan “Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalari”ning 12-bandi hamda “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 154-moddasi 1-qismi talablari buzilganligi yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, fuqaroga nisbatan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 154-moddasining 1-qismiga asosan ma’muriy javobgarlik chorasi ko‘rildi.

Kabel uzilishi holati esa “O‘zbektelekom” AK TTT filiali 5-texnik bog‘lamasi mutaxassislari tomonidan bartaraf etilgan.

Agar sizda yer osti aloqa kabellarining muhofaza hududlarida yer qazish va qurilish ishlarini amalga oshirish zaruriyati tug‘ilsa, magistral aloqa kabeli trassasi belgisida ko‘rsatilgan manziliga yoki 1133 qisqa raqami orqali murojaat qilishingiz hamda mutaxassislar ko‘rsatmasi asosida ish olib borishingiz tavsiya etiladi.

Aks holda aloqa liniyalariga yetkazilgan zarar va avariya-tiklash ishlarini olib borish uchun talab etiladigan xarajatlar qoidabuzar shaxslar hisobidan qoplanishi haqida ogohlantiramiz.