Soha yangiliklari
Yesterday

Ochiklik va shaffoflik – samaradorlik kafolati

So‘nggi yillarda mamlakatimizda jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘luvchi illatlardan biri – korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu borada amalga oshirilayotgan tub islohotlar korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy va ijtimoiy asoslarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil qilinib, u bilan davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida hamkorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘z o‘rnida davlat tashkilotlari va korxonalari faoliyatida xizmatni raqaml ashtirish, ochiq ma’lumotlar bazalarini kengaytirish va elektron hukumat tizimini rivojlantirish orqali inson omiliga bog‘liq korrupsion xavflarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Aytish joizki, mazkur yo‘nalishda “O‘zbektelekom” AK tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-419-son Qonuni va shu mazmunda ishlab chiqilgan qonunosti hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Kompaniya tarkibida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, bir qator ichki hujjatlar ham ishlab chiqilgan. Shuningdek, tizimdagi korrupsion xatti-harakatlar haqida xabar berish uchun to‘rtta aloqa kanali – ishonch telefoni raqami, elektron pochta, Telegram-bot va Kompaniyaning rasmiy veb-sayti orqali murojaat yo‘llash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur aloqa kanallari orqali anonim murojaat yuborish imkoniyati mavjud bo‘lib, eng muhimi, murojaat turidan qat’i nazar, murojaatchining ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlangan.

Xalqimizda shunday naql bor: “Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal”. Shunga ko‘ra, Kompaniya tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusiga bag‘ishlangan turli o‘quv kurslariga jami 571 nafar xodim qamrab olingan.

Ana shunday ishlar qatorida ko‘plab xizmatlardan masofadan turib foydalanish imkoniyati ham yaratilgan. Masalan, endilikda raqamni band qilish, internet tarmog‘i va simli xizmatlarga ulanish uchun joylardagi sotuv va xizmat ko‘rsatish ofislariga kelish shart emas. Kompaniyaning veb-sayti orqali onlayn ariza topshirish yoki MyUZTELECOM ilovasi yordamida uyingizdan turib internet tarmog‘iga ulanishingiz, o‘zingiz xohlagan raqamni band qilishingiz mumkin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “O‘zbektelekom” AK korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi, ushbu illatga nisbatan murosasizlik, faoliyatda esa ochiklik va shaffoflik tarafdoridir.