May 27, 2022

Sayyor uchrashuvlarda aholining talab va takliflari o‘rganilmoqda

“O‘zbektelekom” AK va hududiy filiallari tomonidan respublikamizning eng chekka hududlarida ham aloqa imkoniyatlarini zamonaviy bosqichga olib chiqish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Buning uchun joylarni optik tolali aloqa liniyalari bilan ta’minlash va aholining yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanishi imkoniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“O‘zbektelekom” AK Sirdaryo filiali mas’ullari tomonidan ham viloyatdagi olis hududlar aholisining bu boradagi talab va takliflari o‘rganilmoqda. Jumladan, Filialning texnik va tijorat masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Mirzaobod tumanidagi Farg‘ona hamda Sardoba tumanidagi Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan uchrashuv o‘tkazishdi.

Hududlarga tashrif doirasida fuqarolarning yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga bo‘lgan ehtiyoji, mavjud aloqa kabellarining holati va qator masalalar ko‘rib chiqildi. Aholi tomonidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar bo‘yicha zaruriy vazifalar belgilab olindi.

Mazkur yo‘nalishdagi uchrashuvlar filial mutasaddilari ishtirokida viloyat hududi bo‘ylab davom ettirilmoqda.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati

@uztelecomuz

@uztelecompress