Munosabatlar
August 3, 2023

Munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbektelekom” AK xizmatlari yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha Kompaniyaning Axborot xizmati tomonidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqda “Потребитель Бухара” Telegram kanali orqali Kompaniya internet xizmatlaridan foydalanuvchi fuqaro internet tarmog‘idan foydalanishi uchun oylik to‘lovlarini vaqtida amalga oshirib kelayotganligi va ma’lum muddat to‘lov qilmaganligi uchun tarmoqdan uzib qo‘yilganligidan shikoyat qilgan.

Mazkur murojaat bo‘yicha Kompaniya tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi. Ya’ni, ushbu abonent bilan haqiqatan ham 6.04.2023 yildan beri faol emasligi uchun shartnoma bekor qilingan.

Sababi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining telekommunikasiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Ommaviy ofertaning 4.2.4. bandida keltirilganidek, agar abonent telefon aloqasidan foydalanish to‘xtatib qo‘yilganidan keyin 60 (oltmish) kalendar kundan ortiq muddat ichida telefon aloqasi xizmatlariga haq to‘lash bo‘yicha qarzdorligini bartaraf etmasa, operator ushbu Ommaviy ofertaga muvofiq bir tomonlama tartibda Abonent shartnomasini bekor qilish huquqiga ega. Bu haqda operator abonentga mazkur bandning 4.2.1-kichik bandida belgilangan usullardan biri orqali kamida 10 (o‘n) kalendar kun oldin xabar berilishini ta’minlashi ko‘rsatib o‘tilganligini eslatib o‘tamiz.

Shunga ko‘ra, abonentga shartnomani tiklash uchun uy egasi yoki shartnomada keltirilgan yashash manzili bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxs shaxsni tasdiqlovchi hujjati (fuqarolik pasporti) bilan hududdagi sotuv va xizmat ko‘rsatish ofisiga murojaat qilishi mumkinligi tushuntirilganligi bildiriladi.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati