January 27, 2023

Munosabat

Ommaviy axborot vositalari orqali Kompaniya xizmatlari yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha “O‘zbektelekom” AKning Axborot xizmati tomonidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.

Jumladan, “ISHONCH” gazetasining 2023-yil 26-yanvarda chop etilgan 12-sonida “Moylijarga 4G qachon keladi?” sarlavhasi ostida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasiga murojaat shaklida maqola yoritilgan. Maqola mazmunida Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Moylijar qishlog‘i Taloqtepa MFYda yashovchi fuqarolar qishloq hududida “Ucell” aloqa operatorining mobil aloqa tayanch stansiyasi o‘rnatilganligi, biroq kompaniyaning internet xizmati aholini qanoatlantirmayotganligini ta’kidlagan. Bu boradagi murojaatlari esa e’tiborsiz qoldirilayotganligidan shikoyat qilgan.

Mazkur murojaat yuzasidan Kompaniya Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi. “O‘zbektelekom” AK tomonidan ayni paytga qadar respublikamizning barcha hududlarida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda va ushbu yo‘nalishdagi faoliyatlar izchil davom ettirilmoqda. Lekin “ISHONCH” gazetasida yoritilgan murojaatda boshqa aloqa operatorining faoliyati bo‘yicha so‘z yuritilgan. Shu bois, bu murojaatda keltirilgan muammoni ko‘rib chiqish Kompaniyaning vakolatiga kirmasligi bildiriladi.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati

@uztelecomuz
@uztelecompress