Munosabatlar
Today

Munosabat

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ochiq manbalar orqali Kompaniya tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan doimiy monitoring va o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqda “Потребитель.Уз” Telegram kanali orqali abonent mobil raqamiga uning roziligisiz pullik kontent xizmatlari ulanib qolganligidan va bu borada murojaat qilib mablag‘ini qaytarib berishni talab qilgan so‘rovi natijasiz qolganligidan shikoyat qilganligi mazmunida murojaat e’lon qilingan.

Mazkur murojaat aniqlanishi bilan Kompaniya Axborot xizmati tomonidan tegishli bo‘linmaga yo‘naltirilganligi hamda bo‘linma mutaxassislari tezkorlik bilan murojaatda keltirilgan masalaga oydinlik kiritish maqsadida mazkur murojaat havolasi orqali qayta aloqaga chiqib, masalaning ijobiy hal qilinishi uchun qo‘shimcha ma’lumotlar so‘rab so‘rov qoldirgan.

Shundan so‘ng, abonent taqdim etgan ma’lumotlar asosida holat o‘rganilib murojaatchiga masala yuzasidan zaruriy tushuntirishlar berildi. Ya’ni, hech bir abonent o‘z roziligisiz biror bir kontent-xizmatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanmasligi ma’lum qilindi. Bu borada abonentlardan ma’lum bir muddat bepul foydalanish aksiyasi doirasida ma’lum bir kontent-xizmatiga ulanishdan avval, keyinchalik bu xizmat pullik bo‘lishini yoddan chiqarmasliklarini eslatib o‘tildi. Biroq, har qanday xizmatga ulanish vaqtida abonentdan pul mablag‘lari yechilmasligi ta’kidlandi.

Chunki kontent-provayderlar Uztelecom mobil aloqa xizmati abonentlariga servis bilan tanishish uchun 24 soat mobaynida obunani bepul taqdim etadi. Odatda bu kabi xizmatlardan kiruvchi SMS xabarlar ba’zi holatlarda SPAM papkasiga tushishi hamda abonent nazaridan chetda qolishi mumkin. Buning uchun tez-tez SPAM papkasini tekshirib turishingizni so‘rab qolamiz! Shuningdek, Uztelecom mobil aloqa xizmati kontent-provayderlarining axborot-ko‘ngilochar (kontent) xizmatlari mavjud bo‘lib, ularga abonent faqat o‘z ixtiyoriga ko‘ra ulanishi mumkin.

Tushuntirishlardan so‘ng abonent hisobidan yechilgan mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib murojaatchining balansiga qaytarib berildi hamda xizmatlarga obunani bekor qilish usuli: USSD orqali – *199# – taqdim etilganligi bildiriladi.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati