Xavfsizlik texnikasi – mehnat muhofazasi
Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab qator tashkilotlarda “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, “O‘zbektelekom” AK va uning hududiy filiallarida ham.
Kuni kecha “O‘zbektelekom” AK Andijon filiali tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida “28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda Filial boshqaruv apparati, telekommunikatsiya bog‘lamalari mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislari va ishchi-xodimlari qatnashdi.
Seminar avvalida mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va uning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shundan so‘ng, Kompaniyaning 2022-yil 27-yanvardagi «Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasiga rioya qilinishini ta’minlash to‘g‘risida”gi 32-son buyrug‘i asosida «O‘zbektelekom» AK ijroiya apparati va filiallarda mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va yong‘in xavfsizligiga rioya qilinishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi» tasdiqlanganligi alohida aytib o‘tildi.
Shuningdek, mazkur hujjatning tegishli bandida mehnat muhofazasi bo‘yicha xodimlar malakasini oshirib borish, bu borada manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘kuv mashg‘ulotlari, seminarlar va davra suhbatlari o‘tkazish, bundan tashqari, “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlab “Mehnat muhofazasi haftaligi”ni tashkillashtirish kabi masalalar belgilab qo‘yilganligi e’tirof etildi.