Til – millat g‘ururi, millat boyligi!
Mamlakatimizga tashrif buyurgan biror xorijlik mehmon ona tilimizda salomlashsa ham yaqin o‘tmishgacha bizni benihoya hayratlantirar edi. Bugun bu tuyg‘u o‘rnini haqli ravishda faxr-iftixor hissi egallagan. Sababi, davlat tili maqomi berilganligiga 32 yil to‘lgan o‘zbek tili bugun dunyoning ko‘pgina davlatlarida xorijiy til sifatida o‘rganilmoqda.
Qolaversa, 2019-yil 21-oktabrda davlatimiz rahbarining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan mamlakatimizda 21-oktabrning O‘zbek tili bayrami kuni deb e’lon qilingani esa xalqimizning ona tilimizga bo‘lgan ehtiromini yana bir karra namoyon etdi. Shunga ko‘ra, 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida har yili keng nishonlanmoqda.
Jumladan, joriy yilning 20-oktabr kuni “O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi” filialida “O‘zbek tili – ona tilim, boyligim mening!” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbati ham fikrimiz tasdig‘idir.
Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan tadbirda Kompaniya ijroiya apparati, filiallarning rahbar va muhandis-texniklari hamda yosh xodimlari ishtirok etdi. Davra suhbati avvalida “O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi” filiali direktori o‘rinbosari Isomiddin Ashurov mamlakatimiz taraqqiyotida o‘zbek tilining tutgan o‘rni va yurtimizda ona tilimizning nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr bildirdi.
Shundan so‘ng tadbir mehmonlari – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, pedagogika fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev “Til – millat qo‘rg‘oni” mavzusida, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti, falsafa doktori Mo‘minjon Xo‘jayev “Jadidlar ilmiy merosida til muammolarining yoritilishi” mavzusidagi ma’ruzalari bilan davra suhbati ishtirokchilariga o‘zbek tilining bugungi nufuzi va davlat tili sifatida shakllanish bosqichlari haqida ma’lumot berishdi.
Qiziqarli munozaralarga boy bo‘lgan davra suhbati davomida hamma o‘zini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.