October 1, 2021

Gulistonda Belarus kinosi kunlari

Bugun “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivalining Belarus kinosi kunlari doirasida Guliston musiqali drama teatrida filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Guliston mehmonlarni o‘zgacha qarshi oldi, tadbir boshlanishidan oldin mahalliy madaniyat markazlari tomonidan amaliy san’at durdonalaridan ko‘rgazma tashkil etildi. Bu ham bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Shoxrux Isakulov, “Belarusfilm” milliy kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy, Belarus davlat san’at akademiyasi ekran san’ati fakulteti dekani Pavel Ivanov, hujjatli filmlar rejissyori, Belarus kinematograflar uyushmasi a’zosi, ko‘plab xalqaro kinofestivallar g‘olibi Galina Adamovich, belarus va rus teatr hamda kino rejissyori, prodyuser, teleboshlovchi, aktyor, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Dmitriy Astraxan, mashhur Belarus kinoyulduzi Alla Prolich, Belarus kino aktyorlari gildiyasi raisi, Belarus Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Svetlana Suxovey, O‘zbekiston kinosining mashhur namoyandalari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Sirdaryo viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shoxrux Isakulov, avvalo Toshkent xalqaro kinofestivali munosabati bilan butun soha vakillarini, Belarus delegatsiyasi hamda “Belarusfilm” milliy kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiyni qizg‘in tabrikladi. Shuningdek, ushbu festival kino sanoati va turizm sohasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Belarus kinoijodkorlari tomonidan ishlangan «Qizaloq dadasini qidirmoqda» (“Девочка ищет отца”), “Oq shabnamlar” (“Белые росы”), “Mening ismim Arlekino” (“Меня зовут Арлекино”) kabi mashhur filmlarni butun dunyo, shu jumladan o‘zbek kino ixlosmandlari ham sevib tomosha qilishadi. Tadbir doirasida belaruslik kinoijodkorlar tomonidan ishlangan va kinofestival nominasiyalariga kiritilgan “Urush. Inson bo‘lib qolmoq” (“Война. Остаться человеком”) “Qo‘poruvchi taqdiri” (“Судьба диверсанта”), “Prantish Virvichning sarguzashtlari” (“Авантюра Прантиша Вырвича”), “O‘yinchi taqdiri” (“Правила геймера”) kabi kinokartinalar namoyish etildi.

UZTELECOM – “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali hamkori

@uztelecomuz

@uztelecompress