Soha yangiliklari
October 30, 2021

Onlayn-brifing: Hududlarni optik tolali aloqa liniyalari bilan ta’minlash ishlari

“O‘zbektelekom” AK axborot xizmati rahbari Timur Mamajonovning “Hududlarning optik tolali aloqa liniyalari bilan taʼminlanishi” mavzusida onlayn-brifingi bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumki, dunyo miqyosida shiddat bilan davom etayotgan globallashuv jarayoni hech bir sohani chetlab o‘tayotgani yo‘q. Aksincha, ushbu jarayon ko‘pgina yo‘nalishlarda, ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tamomila yangi bosqichni boshlab bermoqda.

Bugungi kunda “Elektron hukumat”, “Elektron boshqaruv”, “Telekommunikatsiya”, “Internet”, “Veb-sayt” singari ko‘plab iboralar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Biz globallashuv jarayoniga shu qadar singib ketdikki, bu kabi misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Natijada bularning barchasini o‘zida jamlagan raqamli iqtisodiyot tushunchasi hayotimizga kirib kelmoqda.

Qolaversa, pandemiya sharoiti bilan bog‘liq vaziyat biz uchun yangi raqamli davr amaliyotini boshlab berdi. Xususan, taʼlim, sog‘liqni saqlash sohasi, hukumat boshqaruvi hamda huquq-tartibot organlari faoliyatida bu amaliyotga ehtiyoj yaqqol ko‘zga tashlandi. Shu bois, 2020 yil 5 oktyabrda Prezidentimizning “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6079-sonli Farmoni tasdiqlandi.

Sohani yana-da takomillashtirishning muhim chora-tadbirlari belgilab berilgan mazkur hujjat ijrosini taʼminlash uchun mamlakatimizda AKT sohasida bir qator tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi ham bu boradagi vazifalarini respublika miqyosida bosqichma-bosqich amalga oshirib kelmoqda.

Aytish joizki, mamlakatda raqamli iqtisodiyotning shakllanishi uchun, avvalo, sifatli va zamonaviy infratuzilma mavjud bo‘lishi lozim. Shu bois Kompaniya va uning hududiy filiallari tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab optik tolali aloqa liniyalarini o‘tkazish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.

Bu esa joylardagi ijtimoiy obyektlar hamda aholi yashash punktlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan taʼminlash imkonini bermoqda. Kompaniyaning bu boradagi yillik rejasida internet tarmog‘i bilan taʼminlash darajasini 2021 yil oxiriga qadar 50 ming km. ga yetkazish nazarda tutilgan (ayni paytgacha uning 33,193 ming kilometri o‘tkazib bo‘lingan).

Ushbu faoliyatning amalga oshirilish jarayonini viloyatlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak:

Misol uchun, Andijon viloyatida ayni paytga qadar 1 855 km optik tolali aloqa kabellari yotqizilgan bo‘lib, viloyat tumanlaridagi 639 ta aholi yashash punktiga yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i yetib borgan. Ushbu hududda yashovchi 613 ming 376 ta uy-xo‘jaligi internetga optika tarmog‘i orqali ulanishi mumkin;

Farg‘ona viloyatida 15 ta tuman bo‘yicha 1 426 ta aholi yashash punktiga yuqori tezlikdagi internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Bugungi kunda viloyatdagi 737 mingga yaqin uy-xo‘jaliklarining yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati mavjud. Buning uchun viloyat hududi bo‘ylab 2 317 km optik tolali aloqa kabellari yotqizilgan;

Namangan viloyatining 12 ta tumanida hozirgacha 635 ta aholi yashash punktiga optik tolali aloqa kabellari o‘tkazilgan. Viloyatda jami 1 977 km lik optik tolali aloqa kabellari yotqizilgan. Natijada ayni paytga qadar 550 mingdan ziyod uy-xo‘jaliklari uchun yuqori tezlikdagi aloqa liniyalariga ulanish imkoniyati yaratilgan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 109 km uzunlikdagi optik tolali aloqa kabellari yotqizilib, 16 ta tumandagi jami 1 232 ta aholi yashash punkti va 357 ming 876 ta uy-xo‘jaligi yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Shuningdek, Xorazm viloyatida ayni paytga qadar viloyat hududi bo‘ylab umumiy 1 782 km optik tolali aloqa liniyalari qurilgan va bu orqali 10 ta tumandagi 28 ta aholi yashash punkti va 1 735 ta uy-xo‘jaliklari uchun optikaga ulanish imkoniyati yaratilgan.

Buxoro viloyatida ham yil boshidan hozirgacha 2970 km uzunlikda optik tolali aloqa kabeli yotqizilgan bo‘lsa,

Surxondaryo viloyatining 14 ta tumani bo‘yicha 373 ta aholi yashash punktiga 2569 km optik tolali aloqa liniyalari yetkazib berilgan va mazkur yo‘nalishdagi ishlar respublika miqyosida davom ettirilmoqda.

Ahamiyatlisi, amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kungacha mamlakatimizdagi maktabgacha taʼlim hamda tibbiyot muassasalarining 100 foizi, umumtaʼlim maktablarining 99 foizi, mahalla fuqarolar yig‘inlarining 93 foizi yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar ham izchil davom ettirilmoqda.

Aytish kerakki, yuqori tezlikdagi internet, yaʼni optik tolali aloqa kabellari yetib borgan hududlardagi sog‘liqni saqlash sohasida “Yagona elektron tibbiy karta” va “Elektron poliklinika” axborot tizimlari tashkil etilmoqda. Kelgusida bunday tizimlar boshqa soha va tarmoqlarga ham tatbiq etiladi.

Guvohi bo‘lganingizdek, IT kundalik hayotimizning barcha sohasini qamrab olmoqda. Buning ijobiy jihatlari ko‘p, albatta. Masalan, mamlakatda “Raqamli iqtisodiyot” va “Elektron hukumat”ning rivojlanishi odamlarning og‘irini yengil qilish barobarida, davlatning yirik xarajatlarini qisqartirish, korrupsiyaning oldi olish, “onlayn” to‘lovlar orqali odamlarning vaqtini tejash imkoniyati ko‘paytiradi.

“O‘zbektelekom” AK mazkur yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirmoqda va raqamli O‘zbekistonni barpo etishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati

@uztelecomuz

@uztelecompress