Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha “O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati tomonidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqda “Tashkent_Land” Telegram kanali orqali fuqarolardan Uzmobile raqamiga firibgarlik qo‘ng‘iroqlari amalga oshirilganligi bo‘yicha murojaatlar kelib tushganligi haqida xabar e’lon qilingan. Unda soxtalashtirishga qarshi tizim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, bunday holatlar kuzatilayotganligi ta’kidlab o‘tilgan.
Mazkur murojaat bo‘yicha Kompaniya Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi. Haqiqatan ham Kompaniya tomonidan soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarning oldini olish uchun soxtalashtirishga qarshi tizim joriy etilgan va mazkur tizim ish faoliyatida. Qolaversa, xabarda ta’kidlanganidek, UZTELECOM xodimlari hech qachon qo‘ng‘iroq qilib SMS kodlari yoki shaxsiy ma’lumotlarni so‘ramaydilar. Shu bilan birga, bugun texnologiyalar taraqqiy etgan bir paytda firibgarlik holatlarining turli yangicha ko‘rinishlari yuzaga kelmoqda va Kompaniya tomonidan ularga qarshi muntazam kurashish ishlari olib borilmoqda.
Bunday holatlarga aldanib qolmaslik uchun quyidagi tavsiyalarni qo‘shimcha qilamiz:
Yodda tuting: UZTELECOM xodimlari hech qachon qo‘ng‘iroq qilib va SMS orqali kelgan kodlar, parollar, karta raqamlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni so‘ramaydi.
Ma’lumotni tekshiring – har qanday shubha tug‘ilganda UZTELECOM rasmiy aloqa markaziga qo‘ng‘iroq qiling.
Shaxsiy ma’lumotlaringizni oshkor qilmang – qo‘ng‘iroq qiluvchi hatto o‘zini kompaniya xodimi deb tanishtirsa ham.
Shubhali raqamlarni bloklang va firibgarlar haqida bizning qo‘llab-quvvatlash xizmatimizga xabar bering.
Agar sizga shubhali qo‘ng‘iroq kelib tushsa, UZTELECOM rasmiy qo‘llab-quvvatlash xizmatining 1099 raqamiga murojaat qiling.