Farg‘ona viloyatida yangilangan aloqa bog‘lamasi mijozlar uchun o‘z eshiklarini ochdi
“O‘zbektelekom” AK Farg‘ona filiali O‘zbekiston tumanidagi modernizatsiya qilingan telekommunikatsiya bog‘lamasi zamonaviy binoda o‘z faoliyatini boshladi.
Tadbirda O‘zbekiston tumani hokimi Sherzodjon Yo‘ldoshev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Jamshid Egamberdiyev, “O‘zbektelekom” AKning mas’ul xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tuman aloqa bog‘lamasi binosi xonalari to‘liq ta’mirlangani va yangi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangani tufayli chiroyli ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Tuman aholisini barcha turdagi yuqori sifatli telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlash uchun GPON texnologiyasi asosida ishlaydigan OLT qurilmasi o‘rnatildi, buning natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga optik tola orqali yuqori tezlikdagi Internet xizmatlari ko‘rsatiladi. Taqdim etiladigan xizmatlar ro‘yxatida IP-televideniye va IP-telefoniya o‘rin olgan.
Shu kuni O‘zbekiston tumanida IT-markazning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu o‘quv markazida AKT, dasturlash, robototexnika, kibersport, zamonaviy raqamli texnologiyalar asoslarini o‘rgatish va mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilgan.
Dasturlash va robototexnika kabi sohalar yoshlar hamda aholi orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Zamonaviy moddiy-texnik bazaning mavjudligi tufayli ushbu yo‘nalishlar tuman aholisining katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar va yoshlar daftarlari”ga kiritilgan fuqarolarni, shuningdek, ularning farzandlarini kompyuter savodxonligi va AKT asoslariga bepul o‘qitishni tashkil etish rejalashtirilgan.
Mehmonlar markaz faoliyati bilan tanishib, mahalliy aholi va yoshlar uchun kompyuter texnologiyalaridan keng foydalanish borasida yaratilgan sharoitlarni qayd etib o‘tdilar.