Munosabat
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ochiq manbalar orqali Kompaniya tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha doimiy monitoring va o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqdagi axborot kanallarida “UZTELECOM қонунни бузяпти..(ми?)” sarlavhasi ostida kompaniya faoliyatiga oid murojaat asosida ekanligi ta’kidlangan ma’lumot e’lon qilingan.
Murojaat mazmunida “2026-yil 22-apreldan kuchga kirgan qonunga ko‘ra, amaldagi tariflar shartlari o‘zgarganda, abonentlar bu haqda kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-sayt yoki SMS xabarnomalar orqali majburiy tartibda xabardor qilinishi kerak”ligi ta’kidlangan.
Kompaniya Axborot xizmati mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi. Ya’ni, “O‘zbektelekom” AK aholiga xizmat ko‘rsatishda amaldagi qonunchilikka va iste’molchilar huquqlarini ta’minlashga amal qiladi.
Xususan, ushbu murojaatda keltirilgan SMS xabarnomaga ilova qilingan havolada (https://utc.uz/mh5w) murojaatda nazarda tutilgan o‘zgarishlar bo‘yicha 2026-yilning 15-may kuni, ya’ni qonunda belgilanganidek 15 kun oldin Kompaniya rasmiy veb-sayti orqali ma’lumot joylashtirilganligi bildiriladi.
⏺ Zamonaviy tendensiyalarga amal qilgan holda va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga alohida e’tibor qaratib, AK «O‘zbektelekom» internetga simli kirish sohasida raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda yangi yechimlarni joriy etishni davom ettirmoqda. Kompaniya tarmoqni izchil modernizatsiya qilib, texnik imkoniyatlarni kengaytirish orqali raqamli muhitni yanada rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratmoqda.
⏺ Amalga oshirilayotgan ishlar doirasida 2026-yil 2-iyundan boshlab uy internetining ayrim tarif rejalari uchun xizmat ko‘rsatishning yangilangan shartlari kuchga kiradi. Mazkur o‘zgarishlar tarmoqni rivojlantirish dasturining bir qismi bo‘lib, internetga simli kirish xizmatlarini takomillashtirish, ulanish sifatini oshirish va yuqori tezlikdagi internet imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
⏺ Yangilanishlar doirasida xizmatlardan foydalanish shartlarini yaxshilash, jumladan internet tarmog‘iga kirish tezligini oshirish, abonentlar uchun mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek abonent to‘lovlari miqdorini o‘zgartirish nazarda tutilgan.
⏺ UZTELECOM xizmatlar sifatini oshirish va foydalanuvchilar uchun ishonchli texnologik infratuzilmani yaratishga yo‘naltirilgan holda, tarmoqni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga investitsiya kiritishda davom etmoqda.
Uztelecom muloqot uchun har doim ochiq va aholi murojaatlarini yetkazishda hamkorlik qilayotgan OAVlarga minnatdorlik bildiradi. Shu bilan birga, murojaatda keltirilgan ma’lumotlarning qanchalik asosli ekanligiga ham jiddiy e’tibor bilan yondashishlarini so‘rab qoladi.