Qiziqarli faktlar
October 26, 2021

“Sehrli” tugmacha...

Bugun texnnologiyalar imkoniyati shu darajada taraqqiy etdiki, turli ehtiyoj va yumushlaringizni joyingizdan jilmay birgina tugma yordamida hal qilishingiz mumkin. Xo‘sh, yaqin o‘tmishgacha tasavvurimizga sig‘magan ushbu imkoniyatdan qanday foydalanayapmiz?

Internet – katta (global) va kichik (lokal) kompyuter tarmoqlarini o‘zaro bog‘lovchi butunjahon kompyuter tizimi. Allaqachon kundalik faoliyatimizning bir qismiga aylanib ulgurgan mazkur tizim so‘nggi vaqtlarda hayotimizni keskin o‘zgartirib yubordi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Masalan, aloqa xizmati:

Bilamizki, qadimda xabarlar bir manzildan ikkinchi manzilga choparlar, kabutarlar yordamida yetkazilgan. Shuningdek, bu borada turli shartli signallar – gulxan, chiroq yorug‘ligi va har xil ovoz chiqaruvchi asboblardan ham foydalanilgan, toki xabarlar yozma holda jo‘natiladigan bo‘lguniga qadar. Yozma xabarlar esa aloqa sohasida yangi tur – pochta xizmatini shakllantirdi. Keyinchalik bu sohaga turli vositalar – telefon, telegraf, radio, televideniye va internet kirib keldi. Aynan internet tarmog‘i sohani butunlay yangi bosqichga olib chiqdi.

Bugun barchasi bitta tugmada...

Biron bir buyum xarid qilmoqchimisiz? Marhamat, “Onlayn magazin”ga murojaat qiling;

– Yaqin do‘stingiz bilan ma’lumot almashmoqchimisiz? Bu borada “Elektron pochta” xizmati aynan ishonchli vosita;

– Qaysidir ma’lumot yodingizdan chiqdimi, u haqda ko‘proq bilishni istaysizmi? Google qidiruv tizimi sizga ko‘makchi bo‘ladi. Muhimi, bu kabi misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Ehtiyojingizga qarab tegishli ma’lumotni kiriting va “sehrli” tugma – Enterni bosing!..

Enter, ya’ni kirish – harakatni tasdiqlash tugmasi. Masalan, Internetda bo‘lganingizda siz veb-sayt manzilini kiritishingiz va keyin Enter tugmasini bosib saytga o‘tishingiz mumkin. Shu kabi yuqorida aytilgan amallarni ham Enter tugmasi orqali bajarasiz.

Google – ushbu tizim hozirda internetda mashhurligi bo‘yicha birinchi o‘rinda. Bugungi kunda u kuniga 50 million qidiruv so‘rovlarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega. Google qidiruv tizimi 101 tadan ortiq tillarda so‘rovlarni qayta ishlaydi.

Elektron pochta – kompyuter tarmoqlari bo‘ylab elektron xatlar bilan almashish (qabul qilish va yuborish) imkonini beruvchi texnologiyadir.

Hozirgi kunda bunday portallar juda ko‘p va ular orasida vaqt sinovidan o‘tgan eng yaxshi hamda mashhur elektron pochta xizmatlari quyidagilardir:

Mail.ru

Yandex pochta

Google gmail

Bularning barchasi texnologiya taraqqiyotining zamonaviy va qulay imkoniyatlaridir. Xuddi shu nuqtai nazar bilan qaraydigan bo‘lsak, bugun hayotimizning bir qismini aynan “sehrli” tugmacha egallab olganiga yana bir karra ishonch xosil qilishimiz mumkin.

"O‘zbektelekom" AK Axborot xizmati

@uztelecomuz

@uztelecompress