Munosabatlar
Today

Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha “O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati tomonidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.

Jumladan, “Uzdiplomat” Telegram kanali orqali “UZTELECOM 3 yoshdan kichik farzandi va nogironligi bo‘gan onasi bor xodim bilan sudlashmoqda” sarlavhasi bilan videoxabar tarqalmoqda.

Mazkur videoxabar bo‘yicha Kompaniya Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi. Ya’ni, “O‘zbektelekom” AK Markaziy filiali Mamayeva Elvira Igorevnaning 2025-yil 30-iyundagi arizasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 204, 397, 407-moddalari hamda "O‘zbektelekom" AKning Yagona jamoa shartnomasining 13.3.4, 13.4.8-bandlariga muvofiq, xodimning ijtimoiy holati, shu jumladan, 2 nafar voyaga etmagan (shundan bir nafari 2 yoshga to‘lmagan) farzandlari borligini inobatga olib, Filialning 2025-yilning 1-iyulidagi buyrug‘i asosida qisqartirilgan ish vaqti belgilanib, qo‘shimcha ravishda 2 yoshga to‘lmagan farzandini ovqatlantirish uchun 30 daqiqalik qo‘shimcha 2 ta tanaffus berilgan.

Filial Kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2025-yil 22-iyuldagi Qo‘mita a’zolari hamda bevosita xodimning ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Filialning 2025-yil 1-iyuldagi buyrug‘i bilan xodimga ish beruvchi tomonidan belgilangan ish rejimi muhokama qilinib, tegishli tushuntirishlar berilgan. Biroq, xodim Filialning 2025-yil 1-iyuldagi buyrug‘i bilan kelishmasdan, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasiga shikoyat qilgan va 2025-yil 6-avgust kuni Federatsiya tomonidan E.Mamayevaning manfaatlarida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da’vo ariza berilgan, ushbu da’vo arizada quyidagilar so‘ralgan:

-         Filialning 2025-yil 1-iyuldagi buyrug‘ini bekor qilish;

-         “O‘zbektelekom” AK zimmasiga E.Mamayevaning farzandi 2 yoshga to‘lguniga qadar to‘liqsiz ish vaqtini belgilash majburiyatini yuklash;

-         “O‘zbektelekom” AKdan ma’naviy zarar undirish.

Mazkur da’vo bo‘yicha avgust va sentabr oylarida sud majlislari o‘tkazilganligini qayd etib, sudning 2025-yil 16-sentabrdagi hal qiluv qaroriga asosan E.Mamayevaning manfaatlarida kiritgan da’vo talablar qanoatlantirish rad etilganligini ma’lum qilamiz.

Shundan so‘ng, 2025-yil 17-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi va xodim tomonidan yuqoridagi sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berilgan. Shikoyat bo‘yicha Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2025-yil 7-noyabr kunida birinchi sud majlisi o‘tkazilgan (jami 3 ta sud majlisi o‘tkazilgan).

Joriy yilning 3-dekabridagi sud majlisi yakuni bo‘yicha sudlov hay’atining qaroriga ko‘ra, da’vogarlar O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi va E.Mamayevaning apellyatsiya shikoyatlarini qanoatlantirish rad etildi.

Ta’kidlash joizki, barcha sud majlislarida (birinchi va apellyatsiya instansiyalarida) Kompaniya vakillari sud tomonidan belgilangan tartib va vaqtda ishtirok etishganligini, shuningdek, da’vogarning vakillari hamda bevosita E.Mamayevaning o‘zi ham ishtirok etganligiga e’tibor berilishi lozim deb hisoblaymiz.

Bugungi kunda, E.Mamayeva Filialning 2025-yil 1-iyuldagi buyrug‘ida belgilangan qisqartirilgan ish vaqti rejimiga mutlaqo rioya qilmasdan kelmoqda. U bir necha bor berilgan ogohlantirishlarga parvo qilmay, shuningdek, Filial Kasaba uyushmasi qo‘mitasining yig‘ilishida berilgan tushuntirishlarga ham bepisand munosabatda bo‘lib kelmoqda. Shunga ko‘ra, E.Mamayevaga nisbatan joriy yilning 1-avgust va keyinchalik takroriy xatti-harakatlari uchun 10-noyabrda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Alohida qayd etish lozimki, ish faoliyati davomida E.Mamayevaga Filial tomonidan qulay ish sharoitlari yaratilgan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetida oliy ta’lim olishiga sharoit yaratilib, Kompaniya tavsiyanomasi asosida u o‘qishga qabul qilingan (hozirda 3-bosqich talabasi), bundan tashqari, istisno tariqasida 3-yil davomida uning kontrakt to‘lovi Filial hisobidan to‘lab berilmoqda.

O‘z navbatida, Kompaniya qonunchilikka ko‘ra, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda oʻzining shaʼni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlovchi maʼlumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilish huquqiga ega ekanligini qayd etib, har qanday ma’lumotlarni rasmiy xabarlar va axborotlarga asoslangan holda eʼlon qilishga, holatni bir tomonlama hamda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotlar bilan tarqatmaslikka chaqiradi. Yolg‘on hamda obro‘sizlantirishga asoslangan malumotlar uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganligi eslatib o‘tiladi.

Kompaniya har doim muloqotga ochiqligini ta’kidlaydi.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati