Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha “O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati tomonidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqda “Vodiy1.uz” Telegram kanali orqali Andijon viloyati Marhamat tumani Qorag‘ish QFY, Alitepa MFY Tadbirkorlar ko‘chasi 46-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro internet tarmog‘iga ulanmoqchi bo‘lib yo‘llagan murojaati qanoatlantirmayotganligidan shikoyat qilgan.
Mazkur murojaat boʻyicha Kompaniya tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi. Ya’ni, ushbu holat hududiy bo‘linma mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilganda, yuqorida keltirilgan manzilda yashovchi fuqaro A.Q. haqiqatan ham internet tarmog‘iga ulanish istagini bildirib murojaat yo‘llagan. O‘rganish ishlari natijasida fuqaro Marhamat tumani, Alitepa MFY Mustaqillik ko‘chasi 109-uy manzilida faoliyat yurituvchi “Baraka chevarlari” MCHJga internet tushirib berish masalasida murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq, fuqaro o‘z murojaatida ushbu manzilga yuridik shaxs emas, balki jismoniy shaxs sifatida shartnoma rasmiylashtirish va xizmat ko‘rsatilishni talab qilgan. Shu bois, murojaatchiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda 3275-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari” hamda “O‘zbektelekom” AKning telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha Ommaviy ofertasiga muvofiq yuridik shaxs bilan jismoniy shaxs sifatida shartnoma tuzish mumkin emasligi belgilab qo‘yilganligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
Shundan so‘ng fuqaro Marhamat tumani Qorag‘ish QFY, Alitepa MFY, Tadbirkorlar ko‘chasi 46-uyda yashovchi fuqaro B.X. nomidan murojaat qilib, ushbu fuqaro onasi bo‘lishini ta’kidlab, uning nomiga jismoniy shaxs sifatida shartnoma rasmiylashtirib berishlarini so‘ragan. Ammo ushbu murojaat ham joyiga chiqib, Alitepa MFY mas’ullari ishtirokida o‘rganilganida, murojaatda nomi keltirilgan fuqaro B.X. murojaatchi A.Q. ni tanimasligi va ayni paytda internet xizmatiga ehtiyoji yo‘qligini bildirgan.
Shulardan kelib chiqqan holda murojaatchiga internet tarmog‘iga belgilangan tartib asosida ulanishi mumkinligi ma’lum qilinganligi bildiriladi.
Shuningdek, “O‘zbektelekom” AK barcha turdagi mijozlar uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, eng so‘nggi texnologiyalarni qo‘llagan holda sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etishdan har doim mamnun ekanligini ma’lum qilamiz.