BRIFING: “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida energiya resurslaridan samarali foydalanishga oid
Bugungi kunda mamlakatimiz qonunchiligida energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator asosli chora-tadbirlar ilgari surilmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, “O‘zbektelekom” AKning 2024-yil 3-iyulda “O‘zbektelekom” AK ijroiya apparatida va filiallarda ortiqcha elektr energiyasi sarflanishining oldini olish bo‘yicha tegishli ishlarni tashkillashtirish to‘g‘risida”gi 206-son buyrug‘i tasdiqlangan.
Unda “O‘zbektelekom” AK ijroiya apparati va filiallarda elektr energiyasidan oqilona foydalanish, elektr energiyasini iste’mol qilish davrida behuda yo‘qotishlar va ortiqcha sarf-xarajatlar amalga oshirilishi, shuningdek mavjud energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda bino va inshootlarda elektr tarmog‘idan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yong‘in sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida bir qator vazifalar belgilangan.
– xizmat vazifalari bajarilishi davrida xodimlar tomonidan ish joylarida elektr energiyasi sarflanishiga jiddiy e’tibor qaratilishi lozim;
– ish vaqtida elektr tarmog‘iga ortiqcha yuklanishning oldini olish maqsadida tegishli ishlar amalga oshirilishi, xususan, elektr jihozlari va uskunalaridan belgilangan me’yorlar doirasida foydalanilish hamda ish vaqti tugaganidan so‘ng foydalanishda bo‘lmagan elektr jihozlarini elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilishi zarur;
– nosoz yoki yaroqsiz holga kelgan har qanday elektr uskunalari va qurilmalaridan foydalanish man etiladi.
Shuningdek, Kompaniya filiallarida:
– elektr energiyasidan foydalanish samaradorligini nazorat qilish bo‘yicha filialning ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanishi va unga tegishli vazifalar yuklatilishi belgilangan;
– elektr taqsimlash javonlari yaqinida, xizmat xonalari va hududlarda chiqindilar yig‘ilib qolinishining oldini olish maqsadida o‘z vaqtida tegishli ishlar amalga oshirilishi hamda ochiq olovdan foydalanmaslik, omborxona, arxiv va avtotransport vositalari garajlarida tez yonuvchi va yengil alangalanuvchi materiallarni joylash va saqlashda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi;
– mavjud birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari va yong‘inga qarshi suv ta’minoti hamda yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya tizimlari doimiy soz va shay holatda bo‘lishi doimiy nazoratga olish;
– ob-havoning keskin o‘zgarishi munosabati bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, sodir bo‘lganda ularni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida texnik vositalar, asbob-anjomlar va jihozlar zaxirasi tashkil etilishi;
– obyektlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi holati tegishli xizmatlar tomonidan o‘rganib chiqilishi, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini nazoratga olish va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan barcha ishlar amaldagi qoidalar, me’yorlar va yo‘riqnomalar talablari asosida, yoz faslining issiq ob-havo sharoitini inobatga olgan holda tashkillashtirilishi talab etiladi.
Ijro va nazorat uchun mazkur Buyruq mazmuni bilan atroflicha tanishib chiqish tavsiya etiladi.