Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha “O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati tomonidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Jumladan, poytaxtimizda yashovchi fuqaro o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi Facebook sahifasi orqali telefon raqamini ko‘chirish uchun Kompaniyaning sotuv va xizmat ko‘rsatish ofislaridan biriga murojaat qilganligi va unga shu maqsadda ariza qoldirish uchun taqdim etiladigan murojaatnomaning faqat rus tilida ekanligidan shikoyat qilgan.
Ushbu murojaat yuzasidan Kompaniya Axborot xizmati tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi. Ya’ni, Kompaniyaning respublika bo‘yicha joylashgan barcha sotuv va xizmat ko‘rsatish ofislarida abonentlar uchun taqdim etiluvchi murojaatnomalarning o‘zbek va rus tillaridagi namunalari mavjud.
Mazkur holat yuzasidan murojaatchi bilan bog‘lanib, mavjud sotuv va xizmat ko‘rsatish manziliga oydinlik kiritildi. O‘rganishlar natijasida ushbu xizmat ofisida abonentlarga taqdim etiladigan murojaatnomaning o‘zbek tilidagi namunasi tugab qolganligi aniqlandi va tezkorlik bilan qo‘shimcha murojaatnoma namunalari bilan ta’minlanganligi bildiriladi.