O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir
“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni, 1-modda.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan.
1995-yil 21-dekabrda esa “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining (yangi tahrirdagi) Qonuni qabul qilingan.
Yangi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar davlat tilining e’tibori va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunining:
“O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari umumittifoq tashkilotlari bilan munosabatlarda millatlararo muomala tilini qo‘llaydilar.
Ittifoqdosh va avtonom respublikalar, shuningdek, xorijiy davlatlar bilan bo‘ladigan aloqalarda taraflar uchun maqbul til qo‘llanadi”, deb belgilangan bo‘lsa,
Yangi tahrirdagi Qonunda ushbu moddaga:
“Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi.
O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda davlat tili, shuningdek, qatnashchilarning o‘zlari tanlagan tillar anjumanning ish tili hisoblanadi”, deya o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
2020-yil 10-aprelda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ona tilimiz va uni asrab-avaylash borasida yana bir ezgu tashabbus ilgari surildi va O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘RQ-615-son Qonuni qabul qilindi.
Bu o‘z o‘rnida o‘zbek tili – davlat tiliga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi.