Munosabatlar
March 4

Munosabat 

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbektelekom” AK tizimida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Xususan, bu haqda “ELTUZ” kanalida ham so‘z yuritilgan.

Bugun har bir sohada zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish, ular imkoniyatini faoliyatga keng tatbiq qilish davr talabiga aylanib bormoqda. Bu o‘z o‘rnida taraqqiyotga moslashish va soha faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etadi.

Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi barcha tadbirkorlik subyektlariga ko‘plab imkoniyatlar va qulayliklar yaratmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, jarayonlarni avtomatlashtirish orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanmoqda, xizmatlarni ko‘rsatishga ketadigan xarajatlar qisqarmoqda. Xususan, telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish, monitoring qilish, sozlash ishlari avvallari bevosita inson tomonidan amalga oshirib kelingan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu ishlar avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilmoqda. Bu kabi avtomatlashtirish ishlari esa ishchi kuchiga bo‘lgan talabni qisqartirishi tabiiydir.

Shulardan kelib chiqqan holda, “O‘zbektelekom” AKda ham transformatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonda boshqaruvning viloyatlar kesimida emas balki makro hududlar kesimida tashkil etilishi ham amalda o‘zini oqlagan va xalqaro tajribaga tayangan uslubdir. Xususan, Yaponiya (NTT), AQSH (AT&T, Verizon), Rossiya (Rostelekom), Xitoy (China Telecom, China Unicom), Buyuk Britaniya (BT Group, Vodafone), Fransiya (Orange) telekommunikatsiya operatorlari ham boshqaruvni makro hududiy filiallar asosida tashkil etgan. Makro hududiy boshqaruvni amalga oshiruvchi filial xodimlari bilimi, qobiliyati, malakasi, tajribasidan kelib chiqqan holda, suhbat va savol-javoblar asosida saralanmoqda va tegishli lavozimlarga ishga olinmoqda. Suhbatlar videonazorat asosida olib borilmoqda va saqlanishi ta’minlamoqda.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati