October 1, 2021

Samarqandda Belarus kinosi kunlari

“Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali – bu xalqaro kino namoyandalari bilan tajriba almashish uchun o‘ziga xos innovatsion platforma va yilning orziqib kutilgan kino marafoni.

Bu safar ko‘hna Samarqand shahri festival doirasida Belarus kinosi kunlarini qarshi oldi.

Yoshlar markazi Samarqandning o‘tmishi va bugunini o‘zida mujassamlashtirgan yirik tadbirga guvoh bo‘ldi. Mehmonlar tashriflarini ushbu muqaddas zaminni sayohat qilishdan boshlashdi. Festivalning uchinchi kuni belaruslik ijodkorlar o‘zlarining kinomahsullari bilan Samarqandga tashrif buyurishdi. Samarqand zamini mehmonlarni xalqimizga xos mehmondo‘stlik va bag‘rikenglik ila qarshi oldi.

Tadbir avvalida sahnada o‘zbek milliy san’ati namunalari namoyish etildi.

Tadbirda “Belarusfilm” milliy kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy, Belarus davlat san’at akademiyasi ekran san’ati fakulteti dekani Pavel Ivanov, hujjatli filmlar rejissyori, Belarus kinematograflar uyushmasi a’zosi, ko‘plab xalqaro kinofestivallar g‘olibi Galina Adamovich, belarus va rus teatr hamda kino rejissyori, prodyuser, teleboshlovchi, aktyor, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Dmitriy Astraxan, mashhur Belarus kinoyulduzi Alla Prolich ishtirok etdilar.

Xorijlik mehmonlar va yurtimiz kino sohasida faoliyat yurituvchi ijodkorlar Yoshlar markazida o‘z joylarini egallashdi. Kinozalda “Urush. Inson bo‘lib qolmoq” (“Война. Остаться человеком”), “Qo‘poruvchi taqdiri” (“Судьба диверсанта”), “Prantish Virvichning sarguzashtlari” (“Приключения Прантиша Вырвича”), “O‘yinchi taqdiri” (“Правила геймера”) kabi kinokartinalar namoyish etildi. Kino namoyishidan avval tasvirga olingan kinokartinalarning ijodkorlari Dmitriy Astraxan hamda “O‘yinchi taqdiri” kartinasi rejissyori Konstantin Mixalenko so‘zga chiqib, tasvirga olish jarayonlari va yurtimizdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi.

UZTELECOM – “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali hamkori!

@uztelecomuz

@uztelecompress