Bilasizmi?
Yesterday

Qonunchilikdagi yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-1033-son Qonuni

2025-yilning 20-fevral kuni qabul qilingan mazkur Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan, shu jumladan, qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan transport vositalarini takroran boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llash, shuningdek siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida ishlaydigan transport vositalari ishtirokidagi hodisalar bo‘yicha alohida moddalarda ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu Qonun yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishini ta’minlashga hamda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.

Qonunga muvofiq. Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, quyidagilar uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik belgilandi:
  • Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, o‘tkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek ularni qalbakilashtirganlik uchun;
  • Avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, shuningdek imtihonlar o‘tkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;
  • Transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun;
  • Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;
  • Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati